“Uch avlod” uchrashuvi – “Kecha va bugunni bog‘lagan sahna”

“Uch avlod” uchrashuvi

“Kecha va bugunni bog‘lagan sahna”

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida “Uch avlod” nomli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Unda teatrning faxriy san’atkorlari — B.Piratov, J.Ashirov, S.Ro‘zieva hamda teatr jamoasi, yosh ijodkorlar va san’at muxlislari ishtirok etdilar.

Tadbir avlodlar vorisiyligi, ustoz va shogird an’analari, milliy teatr san’atining boy tarixi hamda uning bugungi taraqqiyotiga bag‘ishlangan samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Uchrashuv avvalida teatr tarixi, uning bosib o‘tgan yo‘li, turli yillarda sahnada yaratilgan unutilmas obrazlar va fidoyi ijodkorlar haqida hikoya qiluvchi maxsus video rolik namoyish etildi. Video lavha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, teatrning sermazmun ijodiy yo‘lini yana bir bor yodga soldi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan teatr xodimi O.Mamatov teatr jamoasining bugungi faoliyati, san’at ahlini birlashtirib turgan qadriyatlar va ustozlar merosini asrab-avaylashning ahamiyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u bunday uchrashuvlar yosh ijodkorlarning ma’naviy kamoloti va kasbiy tajribasini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Teatr bosh rejissyori F.Boynazarov esa o‘z nutqida teatr san’atining inson qalbiga ta’siri, sahna mas’uliyati va ijodkorning jamiyat oldidagi burchi haqida so‘z yuritdi. U faxriy san’atkorlarning mehnati va ijodiy merosi bugungi avlod uchun katta maktab ekanini alohida qayd etdi.

Uchrashuvda faxriy san’atkorlar o‘zlarining ijodiy faoliyati, teatr hayotidagi qiziqarli voqealar va sahna ortidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, ularning samimiy suhbatlari va hayotiy tajribalari yoshlar uchun katta saboq bo‘ldi.

“Uch avlod” uchrashuvi teatr ahlini bir maqsad atrofida jamlab, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlagan, teatr tarixini yod etgan va san’atga bo‘lgan mehrni yanada oshirgan unutilmas tadbirlardan biri bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati