“Sahnada qolgan nur” — aktyor F.Murodov xotira kechasi
“Sahnada qolgan nur” — aktyor F.Murodov xotira kechasi
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida 9-may “Xotira va qadrlash kuni”munosabati bilan iste’dodli aktyor F.Murodov xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda marhum san’atkorning oila a’zolari, yaqinlari, hamkasblari, ustoz-shogirdlari hamda teatr jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirni Qashqadaryo viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi I.To‘raev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ustoz san’atkor I.To‘raev marhum aktyor F.Murodov haqida so‘z yuritarkan, uning sahnada o‘zining betakror ijrosi, samimiyligi va insonparvarligi bilan tomoshabinlar mehrini qozongan aktyorning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritdi.
Tadbir avvalida F.Murodov ishtirok etgan spektakllardan lavhalar, sahna obrazlari va turli yillardagi ijodiy faoliyati aks etgan video rolik namoyish etildi. Ekranda gavdalangan obrazlar va unutilmas sahna chiqishlari yig‘ilganlarda chuqur his-tuyg‘ular uyg‘otdi.

Kechada so‘zga chiqqan aktyorning onasi farzandining san’atga bo‘lgan mehri, bolalikdanoq sahnaga oshno bo‘lib o‘sgani va ijodga sadoqati haqida hayajon bilan xotirladi. Akasi va singlisi esa uning oilaparvar, mehribon va kamtar inson bo‘lganini ta’kidlab, u bilan bog‘liq samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.
Hamkasblari F.Murodovning teatr jamoasidagi o‘rni alohida bo‘lganini, u har bir obrazga katta mas’uliyat va mehr bilan yondashganini ta’kidladilar. Uning sahnadagi tabiiy ijrosi, samimiy kulgusi va insonlarga bo‘lgan hurmati ko‘pchilik qalbida chuqur iz qoldirgani aytildi.
Tadbir davomida aktyor ijro etgan qo‘shiqlar, she’rlar va sahna asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bu chiqishlar orqali yig‘ilganlar san’atkorning ijodiy olamiga yana bir bor sayohat qildilar.
Xotira kechasi nafaqat bir aktyorni yod etish, balki uning inson sifatidagi fazilatlari, san’atga bo‘lgan muhabbati va ijodiy merosini qadrlash kechasiga aylandi. F.Murodovning yorqin obrazlari, sahnada qolgan izi va samimiy xotirasi uni yaxshi taniganlar qalbida uzoq yashashi ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
