“Teatr kuni”
“Teatr kuni”
8 may kuni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston respublikasi san’at arbobi O.Salimov tomonidan sahnalashtirilgan X.Sultonning “Uyg‘on bolam” spektakli namoyish etildi.
“Inson qadri” g‘oyasi asosida yaratilgan “Uyg‘on bolam” spektakl bugungi kunning eng dolzarb va o‘ylantiruvchi mavzularidan biri — kambag‘allikka qarshi kurash masalasini chuqur ijtimoiy-falsafiy yondashuv orqali yoritadi. Asarda inson qadri, shaxsiy mas’uliyat, mehnat va ilmning ahamiyati hayotiy voqealar, ta’sirchan obrazlar orqali namoyon etilgan.

Ayniqsa, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlardan yetarlicha foydalanmayotgan, bilim olishga befarq ayrim yoshlar taqdiri yumor va tanqidiy ruh uyg‘unligida ko‘rsatilgani spektakl mazmuniga alohida o‘tkirlik baxsh etdi. Bu esa tomoshabinlarni nafaqat kuldirdi, balki ularni chuqur mushohadaga, o‘z hayotiga tanqidiy nazar tashlashga undadi.
Sahnadagi voqealar rivoji, aktyorlarning mahorati va asarning g‘oyaviy yuklamasi talabalar qalbida katta taassurot qoldirdi. Ular spektakl davomida badiiy zavq olish bilan birga, hayot, kelajak va shaxsiy kamolot haqida jiddiy mulohaza yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Spektakl tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish hamda olqishlar bilan qarshi olindi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
