San’at — xalq orasida
San’at — xalq orasida
8 may kuni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Qarshi shahridagi G‘.G‘ulom, Zahokimaron hamda Shohbekat mahallalarida aholi bilan ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlar xalqning madaniy hordiq chiqarishi, teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda aholi bilan ijodiy muloqotni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Uchrashuvda teatr aktyorlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar S.Qoraboev, X.Isroilova, iqtidorli aktrisa S.Ashirova, xonanda E.Rustamovlar tomonidan sahna asarlaridan parchalar, dilbar qo‘shiqlar, hazil-mutoyibalar va ta’sirchan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, keksa avlod va yoshlar ishtirokidagi samimiy suhbatlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Konsert dasturlari davomida milliy kuy-qo‘shiqlar, vatansevarlik va inson qadrini ulug‘lovchi taronalar ijro etilib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Teatr jamoasining chiqishlari mahalla ahli tomonidan iliq qarshi olinib, san’atkorlarga minnatdorlik bildirildi.
Ijodiy uchrashuvlar nafaqat madaniy tadbir, balki insonlar qalbiga yaqinlashish, ularning fikr va takliflarini eshitish uchun ham muhim muloqot maydoniga aylandi. Teatr ijodkorlari kelgusida ham ana shunday uchrashuvlarni davom ettirib, san’atni xalq ichiga olib kirishni maqsad qilganliklarini ta’kidlashdi.
San’at bor joyda ma’naviyat, birdamlik va ezgulik qaror topadi. Mahallalarda o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar esa ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilаdi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbout xizmati
