Yong‘in va sahna xavfsizligi qoidalari
Yong‘in va sahna xavfsizligi qoidalari
16 aprel kuni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida Qarshi shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori Karimov Otabek tomonidan teatrning texnik xodimlari bilan umumiy yig‘ilish hamda uchrashuv tashkil etildi. Ushbu uchrashuvda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori Karimov Otabek teatr xodimlariga yong‘in va sahna xavfsizligi qoidalari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordi. Tadbir davomida xodimlarga yong‘in kelib chiqishining asosiy sabablari, elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, dekoratsiyalar va yoritish uskunalari bilan ishlashda ehtiyot choralariga rioya etish zarurligi tushuntirildi. Shuningdek, sahnada harakatlanish qoidalari, og‘ir dekoratsiyalar bilan ishlashda xavfsizlik, hamda repetitsiya va spektakl paytida ehtiyotkorlikni saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, favqulodda holatlarda tomoshabinlar va jamoani xavfsiz evakuatsiya qilish tartibi, yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Uchrashuv yakunida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish har bir teatr xodimining mas’uliyati ekani ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
