«Talabalik — orzular sari qo‘yilgan ilk qadam»
«Talabalik — orzular sari qo‘yilgan ilk qadam»
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida Axborot texnologiyalari va menejment universiteti (ATMU) talabalari uchun Bilimlar kuni munosabati bilan teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va menejment universiteti rektori, professor Sunnatov Zafar Ubaydullaevich so‘zga chiqib, talabalarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etdi. Rektor o‘z tabrigida yoshlarga yangi o‘quv yilida ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam bilim va yuksak marralar tiladi.
Shundan so‘ng teatr sahnasida bayramona konsert dasturi davom etdi. Dasturdan Vatan va istiqlolni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar, sahnaviy kompozitsiyalar hamda tariximizda munosib iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz va tarixiy shaxslar obrazlarini aks ettiruvchi badiiy chiqishlar o‘rin oldi.

Sahnada yangragan dilbar kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar talaba-yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, talabalarning konsert jarayoniga faol qo‘shilib, jo‘shqin kuylar ostida raqsga tushgani tadbirga yanada fayz va ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Tarixiy shaxslar obrazlari, milliy san’at namunalari va zamonaviy sahnaviy chiqishlar uyg‘unligida kechgan konsert dasturi yoshlik shijoati va istiqlol ruhini o‘zida mujassam etdi.
Shu tariqa, teatr sahnasida san’at, tarix va yoshlik birlashib, talabalar uchun unutilmas bayramona muhit yaratdi. Istiqlol va yoshlik uyg‘unlashgan ushbu sahna talaba-yoshlarning yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyat va ezgu niyatlar bilan boshlashlariga xizmat qildi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
Telegram 👉Facebook 👉Instagram 🌐 veb-sayt
