Orzular qanotidagi yoshlik
Orzular qanotidagi yoshlik
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida bugun Axborot texnologiyalari va menejment universitetining ikkinchi filiali talabalari uchun Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan bayramona konsert dasturi namoyish etildi.
Teatr sahnasi bu gal ayniqsa yoshlikning beg‘ubor quvonchi, qizlarning shodligi va orzularga to‘la qalblari bilan yanada fayzli ko‘rindi. Zaldagi talabalarning aksariyati qizlardan iborat bo‘lib, ular konsert davomida sahnada yangragan har bir kuy-qo‘shiqni katta qiziqish va ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi oldilar.
Dasturdan Vatan va istiqlolni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy raqslar, sahnaviy kompozitsiyalar hamda tariximizda munosib o‘rin tutgan buyuk shaxslar obrazlarini aks ettiruvchi badiiy chiqishlar o‘rin oldi. Turfa rangdagi raqslar va dilbar qo‘shiqlar yosh tomoshabinlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi.
Ayniqsa, konsertning jo‘shqin pallalarida talabalar o‘zlarini musiqa ohanglariga erkin qo‘yib, miriqib raqsga tushdilar. Zaldagi quvnoq kulgular, samimiy olqishlar va raqsga tushayotgan qizlarning shodligi teatr sahnasidagi san’at bilan uyg‘unlashib, tadbirga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi.

Bugungi yoshlarga ta’lim olish, zamonaviy kasblarni egallash, axborot texnologiyalari va boshqa zamonaviy sohalarni chuqur o‘zlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, qizlarning bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun yaratilayotgan sharoitlar ularning kelajakka ishonch bilan intilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Teatr sahnasidagi bugungi bayram ham ana shu ishonch va shijoatning yorqin ifodasi bo‘ldi. Zero, bugungi shodon talaba qizlar — ertangi kunning bilimli mutaxassislari, faol va tashabbuskor avlodi.
«Orzular qanotidagi yoshlik» nomi bilan o‘tgan ushbu konsert yoshlikning eng go‘zal pallasi — talabalik davrini quvonch, musiqa, raqs va ezgu orzular bilan bezadi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
Telegram 👉Facebook 👉Instagram 🌐 veb-sayt
