Satira teatri Qashqadaryoda!
Satira teatri Qashqadaryoda!
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida O‘zbekiston davlat satira teatrining gastrol safari doirasida navbatdagi ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmon teatr jamoasini Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi milliy musiqalar, karnay-surnay sadolari va kuy-qo‘shiqlar bilan ko‘tarinki kayfiyatda kutib oldi. Samimiy qarshi olish marosimi ikki teatr jamoasi o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik va do‘stona aloqalarning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Gastrol dasturi doirasida 2 seans, ya’ni soat 11:00 hamda 13:00da Abduqayyum Yo‘ldoshev va Sardor Hamroev asari, rejissyor G‘ofur Mardonov tomonidan sahnalashtirilgan «Totli ro‘yolar» spektakli Qashqadaryolik tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Mazkur spektaklda bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri — giyohvandlikka qarshi kurash, yoshlarni zararli illatlardan asrash va ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish masalasi satira va sahnaviy ifoda vositalari orqali yoritildi.
Asarda giyohvandlik yo‘liga qadam
qo‘yayotgan yoshlarning hayotida yuzaga keladigan og‘ir oqibatlar, noto‘g‘ri tanlov va zararli muhit inson taqdiriga qanday ta’sir ko‘rsatishi ta’sirchan voqealar orqali ko‘rsatib berildi. Spektakl tomoshabinni hayot haqida mushohada yuritishga, har bir tanlov uchun mas’uliyat his qilishga chorladi.
Spektakl namoyishida yoshlar faol ishtirok etdi. Xususan, Qarshi davlat texnika universiteti talabalari tomonidan katta qiziqish bildirilib, jami 270 nafar talaba spektaklni tomosha qildi. Shuningdek, viloyatdagi boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari ham teatrga tashrif buyurib, spektaklni katta qiziqish bilan kuzatdilar.
Bugungi kunda yosh avlodni turli zararli odatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, san’at va ma’naviyat vositasida hayotga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish muhim vazifalardan biridir. Shu ma’noda, «Totli ruyolar» spektaklining yoshlar e’tiboriga havola etilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Sahnadagi har bir obraz, har bir voqea tomoshabinga oddiy bir haqiqatni eslatdi: inson taqdirini belgilaydigan eng muhim narsa — uning tanlovidir. To‘g‘ri tanlov esa sog‘lom va mazmunli hayot sari еtaklaydi.
O‘zbekiston davlat satira teatrining Qashqadaryodagi gastrol safari san’atsevarlar, ayniqsa, yoshlar uchun mazmunli ijodiy uchrashuv bo‘lishi bilan birga, ikki teatr jamoasi o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
Telegram 👉Facebook 👉Instagram 🌐 veb-sayt
