Sahna va hayot orasidagi ruhiy kechinmalar

Sahna va hayot orasidagi ruhiy kechinmalar

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan F.Toshev qalamiga mansub «Fidoyi» spektakli qahramonlarining sahnadagi va sahna ortidagi ruhiy holatlarini o‘zida mujassam etgan maxsus videorolik tayyorlandi. Mazkur rolikda spektakl ishtirokchilari ijrosidagi sahnaviy monologlar hamda qahramonlarning sahna ortidagi kechinmalari o‘zaro qiyosiy tarzda namoyon etilgan. Spektakl rejissyor Farhod Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, unda qatag‘on yillari qurbonlari va ularning taqdiri badiiy talqin etilgan.

Videorolik tomoshabinni spektakl qahramonlarining ichki olamiga yetaklab, ularning ruhiy iztiroblari, orzu-umidlari va hayotiy qarashlarini chuqurroq his etish imkonini beradi. Sahnada obraz tilidan aytilgan har bir so‘z sahna ortida aktyor qalbida kechgan his-tuyg‘ular bilan uyg‘unlashib, qahramonlar xarakterining yangi qirralarini ochib beradi.

Videorolik orqali tomoshabin nafaqat obrazlarning sahnadagi his-tuyg‘ulariga, balki ularni yaratish jarayonida aktyor qalbida kechgan kechinmalarga ham yaqindan guvoh bo‘ladi. Monologlar orqali qahramonlarning iztiroblari, orzu-intilishlari va vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada ta’sirchan tarzda ochib berilgan. Bu esa teatr san’atining jozibasi va aktyorlik mahoratining nozik jihatlarini keng jamoatchilikka namoyon etadi.

Mazkur ijodiy loyiha teatr muxlislariga spektakl qahramonlarini yangicha nigoh bilan anglash imkonini beradi. Sahna va hayot uyg‘unligi aks etgan videorolik teatr jamoasining navbatdagi samarali ijodiy izlanishlaridan biri sifatida ahamiyat kasb etadi.

Video rolik Qahramon Muzrapov tomonidan tayyorlandi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati