Qashqadaryo teatri “BIKEN FEST” xalqaro festivalida

   

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi san’atning yana bir nufuzli maydoni — Qozog‘iston Respublikasining Taldiqo‘rg‘on shahrida bo‘lib o‘tadigan “BIKEN FEST” IV Xalqaro teatr festivaliga yo‘l oldi. 25–29 may kunlari o‘tkaziladigan mazkur xalqaro anjuman turli davlatlardan tashrif buyuradigan teatr jamoalarini bir sahna atrofida birlashtirib, madaniyat va ijodning chinakam bayramiga aylanishi kutilmoqda.

Qashqadaryolik ijodkorlar festivalda rus dramaturgiyasining zabardast namoyondalaridan biri bo‘lgan Anton Chexovning “Kalxas” hikoyasi asosida O. Veysal o‘g‘li tomonidan sahnalashtirilgan “Oqqush qo‘shig‘i” spektakli bilan ishtirok etadi. Inson qalbi, san’atkor qismati va sahnaga bo‘lgan muhabbatni teran falsafiy ruhda aks ettiruvchi ushbu asar teatr muxlislarida chuqur taassurot qoldirishi shubhasiz.

Teatr jamoasining xalqaro festivaldagi ishtiroki nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki mamlakatimiz teatr san’ati nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu kabi ijodiy safarlar san’at ahlining tajriba almashishi, do‘stona aloqalarni mustahkamlashi hamda milliy teatr maktabini keng targ‘ib etishi bilan ahamiyatlidir.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasiga mazkur xalqaro festivalda ulkan omad, yuksak e’tirof va munosib g‘alabalar tilab qolamiz. San’at safari muborak bo‘lsin!

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati