Qalblarni larzaga solgan haqiqat

Qalblarni larzaga solgan haqiqat

20-21 may kunlari Kitob tuman madaniyat saroyi sahnasida tomoshabinlarga yuksak ma’naviy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan “Farzandim ko‘zim qarog‘i” spektakli namoyish etildi. Asar Xulio Kortasarning “Bemorlarning salomatligi” hikoyasi asosida dramaturg J. Jovliev tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, inson qalbidagi mehr, dard va sabr tuyg‘ularini o‘zida mujassam etdi.

Spektakl voqealari og‘ir dardga chalingan Onaizor obrazi orqali ochib beriladi. Hayotining so‘nggi lahzalarini yashab turgan onaga farzandining avtohalokat tufayli vafot etganini aytishga yaqinlari jur’at topa olmaydi. Ular ona qalbini asrash ilinjida, marhum o‘g‘li nomidan maktublar yozish orqali unga yolg‘on tasalli berishga harakat qiladi.

Asarning eng ta’sirli jihati shundaki, Ona bu yolg‘onni his qilib tursa-da, yaqinlarining mehri va qalbidagi og‘riqni anglab, ular bilan birga bu og‘ir sinovni boshdan kechiradi. Uning har bir nigohida ona mehri, har bir so‘zida esa farzand sog‘inchi mujassam. Spektakl davomida tomoshabin nafaqat sahnadagi voqealarni kuzatadi, balki inson ruhiyatining eng nozik qirralari bilan yuzma-yuz keladi.

Sahna asarining finali esa zalda o‘tirgan har bir tomoshabin qalbini larzaga soldi. So‘nggi maktubda Onizorning vafot etgan o‘g‘li Alexandro hamda singlisi Kleliya bilan birga ekanligi haqidagi satrlar yangrashi asarning eng keskin va ta’sirchan nuqtasi bo‘ldi.

“Farzandim ko‘zim qarog‘i” spektakli orqali inson qadri, ona mehri va oilaviy muhabbatning beqiyos qudrati chuqur badiiy talqinda namoyon etildi. Bu sahna asari tomoshabinni hayot, mehr va inson qalbining nozik tuyg‘ulari haqida yana bir bor mushohada qilishga undaydi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati