“Oqqush qo‘shig‘i” xalqaro sahnada e’tirof qozondi

“Oqqush qo‘shig‘i” xalqaro sahnada e’tirof qozondi

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari Moldova Respublikasining Kishinyov shahrida o‘tkazilayotgan nufuzli “MOLDFEST–2026” xalqaro teatr festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 25 iyun kuni teatr jamoasi buyuk rus dramaturgi Anton Chekhovning “Oqqush qo‘shig‘i” asari asosida rejissyor O. Kopadze (Veysal o‘g‘li) tomonidan sahnalashtirilgan “Oqqush qo‘shig‘i” spektaklini festival tomoshabinlari e’tiboriga havola etdi.

Sahnalashtirilgan spektakl xorijlik tomoshabinlar va teatr mutaxassislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, ijodkorlar uzoq davom etgan olqishlarga sazovor bo‘ldi. Asarning chuqur falsafiy mazmuni, aktyorlarning mahoratli ijrosi hamda sahna yechimlari tomoshabinlarda yorqin taassurot qoldirdi.

“MOLDFEST–2026” xalqaro teatr festivali dunyoning turli mamlakatlari teatr jamoalarini bir maydonga jamlagan nufuzli madaniy anjumanlardan biridir. Unda Italiya, Xitoy, Shvetsiya, Gruziya, Ozarbayjon, Litva, Armaniston, O‘zbekiston, Moldova, Ukraina, Serbiya hamda Shimoliy Makedoniya davlatlaridan teatr jamoalari o‘zlarining eng sara spektakllari bilan ishtirok etmoqda.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrining mazkur xalqaro festivaldagi ishtiroki milliy teatr san’atini xalqaro maydonda munosib namoyish etish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Teatr jamoasining muvaffaqiyatli ishtiroki o‘zbek teatr san’atining xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.

Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri matbuot xizmati 👉Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt