USTOZ VA MURABBIYLARGA BAYRAM TUHFASI

USTOZ VA MURABBIYLARGA BAYRAM TUHFASI

Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida o‘qituvchi va murabbiylar uchun o‘ziga xos bayram tuhfasi — “Muhabbat” spektakli namoyish etildi.

Teatrning bosh rejissyori Farhod Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektakl Shodiya Xudoynazarova qalamiga mansub bo‘lib, unda O‘zbekiston Qahramoni, matematika va fizika fanlari professori, fidoyi pedagog Muhabbat Sharopovaning ibratli hayot yo‘li, ilm-fan va ta’lim sohasidagi ko‘p yillik faoliyati, ustozlik mas’uliyati va insoniy fazilatlari badiiy talqin etiladi.

Spektaklning Qarshi shahridagi o‘qituvchilar uchun bepul namoyishi yanada mazmunli va hayajonli kechdi. Zero, asar qahramoni — O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovaning o‘zlari ham tomoshabinlar orasida bo‘lib, spektaklni bevosita kuzatib bordilar.

Tomosha yakunida Muhabbat Sharopova teatr rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirib, o‘z hayot yo‘llari va pedagogik faoliyatining sahna asarida badiiy ifoda topganidan mamnun ekanini ta’kidladi. U teatr jamoasiga ijodiy muvaffaqiyatlar tilab, ustozlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va hurmatni yuksak qadrlashini bildirdi.

Spektaklning badiiy yechimida rassom Ilhom Rustamovning mehnati ham alohida e’tirofga loyiq. Sahna bezagi, obrazlar muhiti va voqealar ruhini ochib berishga xizmat qilgan rassomlik ishlari spektaklning umumiy estetik qiyofasini boyitgan.

Tadbirda Muhabbat Sharopovaning shogirdlaridan biri — Qarshi shahridagi 5-maktab direktori Laziz Xolov ham so‘zga chiqib, ustozining hayot yo‘li va pedagogik faoliyati haqida iliq fikrlar bildirdi. U “Muhabbat” spektaklining tomoshabinlarga ta’siri, ustoz siymosining sahnada yorqin gavdalantirilgani hamda asarning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt