«Medeya» spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.

«Medeya» spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida bugun, 24 sentyabr kuni Yevripidning jahon dramaturgiyasining noyob namunalaridan biri bo‘lgan «Medеya» asari asosida sahnalashtirilgan spektakl premerasi namoyish etildi.

Asar Orif Mamatov tomonidan yangi uslub va zamonaviy talqinda sahnaga olib chiqildi. Spektaklda inson ruhiyatining murakkab qirralari, muhabbat va ishonchning sinovi, xiyonat ortidan tug‘iladigan iztirob hamda insonni keskin qarorlar sari yetaklovchi ruhiy kechinmalar ta’sirchan sahnaviy vositalar orqali ochib berilgan.

Spektakl namoyishida Qarshi davlat universiteti hamda boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari, san’at ixlosmandlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Yosh tomoshabinlarning spektaklga bo‘lgan qiziqishi, ayniqsa, asar mavzusining bugungi kun bilan hamohang jihatlariga e’tibor qaratishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

«Medеya»da muhabbat, ishonch, xiyonat, tanlov va inson ruhiyati bilan bog‘liq savollar asrlar o‘tsa-da, o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi aks etdi. Spektaklning zamonaviy sahnaviy talqini esa ushbu savollarni bugungi tomoshabinga yaqin va ta’sirchan shaklda yetkazishga xizmat qildi.

Premera katta qiziqish va iliq taassurotlar bilan kutib olindi. Tomoshabinlar spektakl orqali nafaqat qadimiy tragediya qahramonlari taqdiriga guvoh bo‘ldilar, balki insonning his-tuyg‘ulari, qarorlari va ularning oqibatlari haqida fikr yuritish imkoniga ham ega bo‘ldilar.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt