«Ustozlarga — ehtirom va e’zoz yarashar»
«Ustozlarga — ehtirom va e’zoz yarashar»
1 oktyabr “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan Qarshi davlat universiteti o‘qituvchilari uchun Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri tomonidan maxsus konsert dasturi namoyish etildi.
Bayram tadbiri ko‘tarinki kayfiyat, samimiy tabassum va ustozlarga bo‘lgan yuksak ehtirom ruhida o‘tdi. Tadbirning eng qiziqarli va kutilmagan lahzalaridan biri esa teatr xodimlarining sahnaga xuddi o‘quvchilardek kiyinib chiqishlari bo‘ldi. Ular o‘zlarini bir zumga shogirdlar o‘rniga qo‘yib, sahnada qo‘shiqlar ijro etdilar. Bu chiqishlar zalda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Dasturning yana bir o‘ziga xos jihati — so‘z ustalari tomonidan o‘qituvchilar hayotida uchraydigan qiziqarli va kulgili voqealarning yumorga yo‘g‘rilgan sahnaviy talqinlari bo‘ldi. Samimiy hazil va mutoyibalar zalda quvnoq kayfiyat uyg‘otib, ustozlarning ham zavq bilan kulguga qo‘shilishlariga sabab bo‘ldi.
Zero, ustozni ulug‘lash — ilmni, ma’rifatni va inson kamolotini ulug‘lashdir. Teatr jamoasi tomonidan tayyorlangan ushbu konsert dasturi ham ana shu yuksak ehtiromning san’atdagi ifodasi bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
Telegram 👉Facebook 👉Instagram 🌐 veb-sayt
