«Mediya» — qadimiy tragediyaning zamonaviy talqini

«Mediya» — qadimiy tragediyaning zamonaviy talqini

Inson qalbidagi muhabbat, xiyonat, iztirob va qasos tuyg‘ulari asrlar osha o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Bu kechinmalar qadimgi yunon dramaturgiyasining buyuk namoyandalaridan biri Yevripidning «Mediya» tragediyasida ham chuqur va ta’sirchan ifoda etilgan.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida ana shu mashhur asarning yangi talqini tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.

Yevripidning «Mediya» asari asosidagi spektakl Orif Mamatov tomonidan sahnalashtirildi. Spektaklda inson ruhiyatining murakkab qirralari, muhabbat va ishonchning sinovi, xiyonat ortidan tug‘iladigan iztirob hamda insonni keskin qarorlar sari yetaklovchi ruhiy kechinmalar sahnaviy vositalar orqali ochib beriladi.

«Mediya» — tomoshabinni shunchaki voqealar rivojini kuzatishga emas, balki qahramonlarning ichki dunyosi, tanlovi va taqdiri haqida o‘ylashga undaydigan asar. Qadimgi yunon tragediyasida ko‘tarilgan savollar bugungi kun tomoshabini uchun ham o‘z dolzarbligini saqlab qolgan.

Spektakl premerasi 24 sentyabr kuni soat 11:00 da Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida namoyish etiladi.

San’atni, teatrni va mumtoz dramaturgiyani qadrlaydigan barcha tomoshabinlarni «Mediya» spektakli premerasiga taklif etamiz.

 

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt