“Dolzarb 90 kun” — bolajonlar qalbiga quvonch ulashgan san’at nafasi
Shahrisabz shahridagi “Lochin” oromgohida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan bolajonlar uchun ko‘tarinki ruhdagi teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Mazkur ijodiy dasturda teatr san’atkorlari bolalarga quvonch, zavq va unutilmas lahzalarni hadya etishdi. Teatrlashtirilgan chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari uyg‘unligi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Dastur davomida Namoz Bobonazarov, Gulshanoy Esanova, Begzod Toshpo‘latov hamda Farhod To‘rayevlar tomonidan ijro etilgan go‘zal kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Jarangdor navolar sadolari ostida bolajonlar quvonch bilan raqsga tushib, bayramona muhitdan bahramand bo‘lishdi.
San’atkorlarning samimiy ijrosi va yorqin sahna chiqishlari bolalar qalbida ezgu taassurotlar qoldirib, “Dolzarb 90 kun” tadbirlarining mazmunli va qiziqarli o‘tishiga xizmat qildi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri Matbuot xizmati
