“Mahalla yettiligi bilan hamkorlikda”
“Mahalla yettiligi bilan hamkorlikda”
13 may kuni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Qarshi shahridagi “Navo” MFY aholisi bilan ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlar xalqning madaniy hordiq chiqarishi, teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda aholi bilan ijodiy muloqotni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Uchrashuvda teatr aktyorlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist S.Qoraboev, ustoz san’atkor P.Lutfiev, xonandalar E.Rustamov, O.Nabievlar tomonidan sahna asarlaridan parchalar, dilbar qo‘shiqlar, hazil-mutoyibalar va ta’sirchan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, keksa avlod va yoshlar ishtirokidagi samimiy suhbatlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Konsert dasturlari davomida milliy kuy-qo‘shiqlar, vatansevarlik va inson qadrini ulug‘lovchi taronalar ijro etilib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Teatr jamoasining chiqishlari mahalla ahli tomonidan iliq qarshi olinib, san’atkorlarga minnatdorlik bildirildi.
San’at bor joyda ma’naviyat, birdamlik va ezgulik qaror topadi. Mahallalarda o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar esa ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbout xizmati
