Teatr ijodkorlari Yakkabog‘da!

Teatr ijodkorlari Yakkabog‘da!

Yurtimizda teatr san’atini xalqqa yanada yaqinlashtirish, ayniqsa, yosh avlod qalbida milliy qadriyatlar va ma’naviyatga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023 yil 31 dekabrda o‘tkazilgan 50-son yig‘ilish bayonining 12-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda “Teatr kuni” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

12 may kuni ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri Yakkabog‘ tumanida bo‘lib o‘tdi. Teatr ijodkorlari tomonidan tuman aholisi, ayniqsa yoshlar uchun sahna asarlari namoyish etilib, teatrning tarbiyaviy ahamiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Yakkabog‘lik tomomshabinlar uchun R.Muxammadjonovning “Davlat bolalari” spektakli namoyish etildi. Asarda inson qadri, vatanparvarlik, mehr-oqibat va jamiyatdagi turli ijtimoiy munosabatlar ta’sirchan badiiy ifoda etilgan bo‘lib, spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yoshlar sahnada gavdalantirilgan obrazlar orqali hayot haqiqatlari, inson taqdiri va ma’naviy qadriyatlar haqida chuqur mushohada qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Spektakl davomida aktyorlarning mahoratli ijrosi, sahna bezaklari hamda musiqiy yechimlar tomoshabinlarni voqealar ichiga olib kirdi. Teatr san’atining betakror jozibasi yana bir bor qalblarga nur, ruhlarga ilhom bag‘ishladi.

Bugun teatr — shunchaki madaniy hordiq emas, balki insonni o‘ylashga, his qilishga, xulosa chiqarishga undaydigan ma’naviy maktabdir. Yakkabog‘da o‘tkazilgan mazkur “Teatr kuni” tadbiri ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, yoshlarni san’at va ma’rifatga yanada yaqinlashtirdi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati