“Teatr kuni”da talabalar tashrifi

“Teatr kuni”da talabalar tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ–399-son qarorining 14-bandida aholi, ayniqsa, yoshlarning teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi “Teatr – ibratxonadir” dasturi amalga oshirish hamda «Teatr kuni» tadbirlari o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

23 aprel  kuni soat 11:00 va 14:00da  Osiyo texnologiyalari universiteti  hamda Qarshi davlat universiteti talabalari  Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatriga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi O. Salimov tomonidan sahnalashtirilgan X. Sultonning “Uyg‘on bolam” spektaklini tomosha qildilar.

“Inson qadri” g‘oyasi asosida yaratilgan mazkur spektakl orqali bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri — kambag‘allikka qarshi kurash mavzusi chuqur falsafiy va hayotiy misollar orqali yoritildi. Ayni paytda, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmay, ilmga befarq bo‘lib qolgan ayrim yoshlar hayoti yumor va tanqidiy ruh uyg‘unligida ta’sirchan tarzda aks ettirildi.

Sahnadagi voqealar, obrazlar va g‘oyaviy yuklama talabalarni befarq qoldirmadi. Ular spektakl davomida nafaqat badiiy zavq oldilar, balki hayot, mas’uliyat va shaxsiy kamolot haqida chuqur mulohaza yuritish imkoniga ega bo‘ldilar.

Mazkur tashrif talabalarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini boyitish, ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Spektakl namoyishlarida jami 1200 nafar tomoshabin qamrab olindi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati