Sahnadagi fidoyilik — Vatanga sadoqat timsoli
Sahnadagi fidoyilik — Vatanga sadoqat timsoli
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan «Ochiq eshiklar kunlari» tadbirlarining ikkinchi kuni ham ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Tomoshabinlar e’tiboriga F. Toshev qalamiga mansub «Fidoyi» spektakli namoyish etildi. Vatanga muhabbat, yurt tinchligi, insonning burch va mas’uliyati, el-yurt taqdiriga daxldorlik kabi yuksak g‘oyalar aks etgan spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, spektakl harbiy xizmatchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Sahnadagi voqealar, qahramonlarning fidoyiligi va Vatan oldidagi sadoqati harbiylarning kasbiy burchi va hayotiy qarashlari bilan uyg‘unlashib, tomoshaning ta’sirchanligini yanada oshirdi.

Spektakl davomida sahnadagi har bir obraz, har bir so‘z va harakat tomoshabinni Vatan haqida, uni asrash va qadrlash, yurt tinchligi uchun xizmat qilishning yuksak sharaf ekani haqida mushohada yuritishga undadi.
Kuni davomida teatrga tashrif buyurgan har bir tomoshabin san’atning inson qalbiga ta’sir etuvchi beqiyos kuchiga yana bir bor guvoh bo‘ldi. Zero, teatr — nafaqat tomosha maskani, balki insonni ezgulikka, Vatanni sevishga, yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga chorlaydigan ma’naviyat dargohidir.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida o‘tkazilayotgan «Ochiq eshiklar kunlari» ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. «Fidoyi» spektaklining namoyishi esa bu jarayonning yana bir ta’sirchan va mazmunli sahifasi bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
Telegram 👉Facebook 👉Instagram 🌐 veb-sayt
