«Oqqush qo‘shig‘i» —  Navoiy viloyatida!

«Oqqush qo‘shig‘i» —  Navoiy viloyatida!

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrining viloyatlararo gastrol safari Navoiy viloyatida ham ko‘tarinki ruhda davom etdi.

Teatr jamoasi Navoiylik san’at ixlosmandlari e’tiboriga A. Chexovning «Kalxas» hikoyasi asosida Oybek Kopadzening «Oqqush qo‘shig‘i» spektaklini havola etdi.

Spektakl namoyishi davomida sahnadagi ta’sirchan voqealar, aktyorlarning samimiy ijrosi va qahramonlar kechinmalari tomoshabinni asar ruhiyatiga yaqinlashtirdi. Inson umri, san’atga sadoqat, sahna va ijodkor taqdiri haqidagi falsafiy mushohadalarga boy spektakl navoiylik tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Tomosha yakunidagi iliq munosabat va samimiy olqishlar ijodiy jamoaga alohida ruh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Bu esa gastrol safari nafaqat spektakl namoyishi, balki turli hududlardagi teatr muxlislari bilan ijodiy muloqot o‘rnatish, qalblarni san’at orqali yaqinlashtirish imkoni ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Qashqadaryo teatrining gastrol safari Kattaqo‘rg‘ondagi dastlabki namoyishdan so‘ng Navoiyda ham munosib davom etdi. Endi ijodiy jamoani Buxoro, Xorazm hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tomoshabinlar bilan yangi uchrashuvlar kutmoqda.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi o‘z ijodiy safarida yana yangi manzillar sari yo‘l oladi. 🎭

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt