Qashqadaryo teatri viloyatlararo gastrolda! «Oqqush qo‘shig‘i» Kattaqo‘rg‘onda

Qashqadaryo teatri viloyatlararo gastrolda!

«Oqqush qo‘shig‘i» Kattaqo‘rg‘onda

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi uchun bugun yana bir muhim ijodiy sahifa ochildi. Teatr jamoasi A. Chexovning «Kalxas» hikoyasi asosida Oybek Kopadzening «Oqqush qo‘shig‘i» spektakli bilan viloyatlararo gastrol safarini boshladi.

Gastrol safariga dastlab Kattaqo‘rg‘on shahrida start berildi. Tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan spektakl katta qiziqish bilan kutib olindi. Sahnadagi har bir obraz, har bir so‘z va sahnaviy yechim tomoshabin qalbiga ta’sir etib, teatr san’atining inson ruhiyatini yuksaltiruvchi beqiyos kuchini yana bir bor namoyon etdi.

«Oqqush qo‘shig‘i» — sahna va san’at taqdiri, insonning o‘tgan umri, orzu-armonlari va qalbida qolgan so‘nggi umidlari haqida hikoya qiluvchi ta’sirchan spektakl. Asarning falsafiy mazmuni va aktyorlarning samimiy ijrosi Kattaqo‘rg‘on tomoshabinlarida iliq taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, spektakl davomida sahnada kechayotgan voqealarga tomoshabinning ruhan hamohang bo‘lib borishi, qahramonlarning ichki kechinmalariga sherik bo‘lishi spektaklning ta’sirchanligini yanada oshirdi.

Kattaqo‘rg‘ondagi namoyish Qashqadaryo teatrining viloyatlararo ijodiy muloqotlarini yangi bosqichda davom ettirish, teatr san’atining muxlislari doirasini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Gastrol safari davom etadi.

Qashqadaryo teatri jamoasi 15 sentyabr kuni soat 15:00 da Navoiy viloyatida,

 16 sentyabr kuni soat 11:00 da Buxoro viloyatida,

17 sentyabr kuni soat 11:00 da Xorazm viloyatida

18 sentyabr kuni soat 11:00 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahrida «Oqqush qo‘shig‘i» spektaklini namoyish etadi.

Sahnadan boshlangan bu ijodiy safar turli hududlardagi tomoshabinlarni bir maqsad — san’atning beqiyos tili va teatrning sehrli olami atrofida birlashtiradi.

 

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt