«Mehr va ezgulik qanotida — inson qadri ulug‘langan yurt»

«Mehr va ezgulik qanotida — inson qadri ulug‘langan yurt»

19 avgust kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri hamda viloyat televideniyasi hamkorligida ana shunday xayrli tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, shuningdek, ota-onasidan biri jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan insonlarning farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari tarqatildi.

Bu oddiy bir sovg‘a emas. Bu — bolaning ko‘ngliga ilingan mehr, uning ta’lim olishiga bildirilgan e’tibor, ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi ezgu qadamdir. Zero, bola ota-onasining taqdiri yoki oilaviy sharoiti bilan emas, avvalo o‘zining orzu-umidlari bilan qadrli. Uning ta’lim olishi, tengdoshlari qatorida o‘zini erkin va baxtli his qilishi uchun yaratilgan har qanday imkoniyat — jamiyatning insonparvarlik darajasini namoyon etadi.

Tadbirning madaniy-ma’rifiy qismi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida R. Muhammadjonovning «Davlat bolalari» spektakli namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun maxsus konsert dasturi ham tashkil etilib, dillarga quvonch va ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Kuy-qo‘shiqlar, sahna chiqishlari va samimiy tilaklar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Bunday tadbirlar Mustaqillik bayramining haqiqiy mohiyatini — tinchlik, osoyishtalik, bag‘rikenglik, inson qadri va ezgulikni yana bir bor namoyon etadi.

Mana shunday xayrli ishlar, samimiy e’tibor va ezgu tashabbuslar yurtimizda inson qadri qanchalar yuksak ekanining yana bir yorqin ifodasidir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Yurtimizda ezgulik, mehr-oqibat va insonparvarlik tuyg‘ulari yanada yuksalsin!

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati