Adliya xodimlari — “Teatr kuni”da
Adliya xodimlari — “Teatr kuni”da
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 noyabrdagi PQ–399-son qarorida aholi, ayniqsa, yoshlarni teatr san’atiga keng jalb etish, ularning teatrlarga muntazam tashrifini ta’minlash maqsadida “Teatr — ibratxonadir” dasturini amalga oshirish hamda “Teatr kuni” tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.
Mazkur tashabbus doirasida 12 avgust kuni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida navbatdagi “Teatr kuni” tadbiri tashkil etildi. Unda Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi xodimlari teatr mehmoni bo‘lib, A. Chexovning “Kalxas” hikoyasi asosida Oybek Veycal o‘g‘li tomonidan sahnaga moslashtirilgan “Oqqush qo‘shig‘i” spektaklini tomosha qildilar.
“Oqqush qo‘shig‘i” — inson umri, sahna va ijodkor taqdiri haqida hikoya qiluvchi, tomoshabinni hayot va san’at haqida mushohadaga chorlovchi ta’sirchan sahna asaridir. Xalq orasidagi mashhur rivoyatga ko‘ra, oqqushlar boshqa qushlardan farqli ravishda sayramaydi. Ammo o‘limiga bir necha daqiqa qolganda, ular o‘zlarining eng go‘zal va so‘nggi qo‘shig‘ini kuylaydi, degan tushuncha mavjud.

Spektaklda inson umrining qadri, o‘tgan yillar sarhisobi, sahnaga va san’atga bo‘lgan muhabbat kabi falsafiy mavzular ta’sirchan talqin etiladi. Asar qahramonlarining kechinmalari orqali tomoshabin qalbida hayot, vaqt va insonning o‘z ortidan qoldiradigan ma’naviy merosi haqida turli savollar uyg‘onadi.
Spektakldagi asosiy rollarni “Shuhrat” medali sohibi G‘ayrat Husayinov hamda iste’dodli aktyor Sherali Shoniyozov ijro etdilar. Aktyorlarning samimiy va ta’sirchan ijrosi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
“Teatr kuni” doirasidagi bunday tadbirlar nafaqat teatr san’atini keng targ‘ib etish, balki turli sohalar vakillarining ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish, san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi barcha teatr ixlosmandlarini yangi spektakllar va ijodiy uchrashuvlarga taklif etadi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri Matbuot xizmati
