Ishonch bor joyda g‘alaba bor!
Ishonch bor joyda g‘alaba bor!
Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun har bir o‘yin — katta tajriba va yangi tarix sahifasidir. Ilk uchrashuvdagi natijadan qat’i nazar, futbolchilarimiz maydonda yuksak iroda, matonat va Vatan sha’ni uchun munosib kurash namunasini ko‘rsatdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev terma jamoamizning ishtirokini qo‘llab-quvvatlab, futbolchilarimizga ishonch bildirib, ularning har bir harakati millionlab muxlislarimiz uchun faxr va g‘urur manbai ekanini ta’kidladi. Davlat rahbari o‘z murojaatida birinchi ishtirokning o‘zi katta tajriba ekani, jamoa hali oldinda yana ko‘plab muhim uchrashuvlar va zafarli natijalarga erishishiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, asosiysi — maydonda mardonavor kurashish, o‘z imkoniyatlariga ishonish va har bir o‘yindan saboq olib, yanada kuchli bo‘lib qaytishdir.
Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlar, jumladan Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi ham milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlaydi.
San’at va sport — xalqni birlashtiradigan, yurt sha’nini dunyoga namoyon etadigan ulug‘ kuchdir. Bugun butun xalqimiz bir maqsad atrofida birlashgan lahzalarda Qashqadaryo teatri jamoasi ham Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, jahon arenasida munosib ishtirok etayotgan futbolchilarimizga omad va g‘alabalar yo‘llaydi.
Olg‘a, O‘zbekiston!
Olg‘a Oq bo‘rilar!
Sizlarga ishonamiz!
Bir yurt, bir maqsad, bir g‘alaba sari birgamiz!
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
