Haqiqiy “Xazina” — mehr va muhabbatdadir
Haqiqiy “Xazina” — mehr va muhabbatdadir
17–19 iyun kunlari Muborak tumanida Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi tomonidan Sh.Mahkamovning «Xazina» spektakli namoyish etildi.
Spektaklning birinchi kuni harbiy qism askarlari hamda bugun Qarluq mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun namoyish etildi. Asar tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va iliq olqishlar bilan qarshi olindi.
«Xazina» spektakli insonlarning moddiy boylikka bo‘lgan munosabati orqali hayotning eng muhim haqiqatlaridan birini ochib beradi. Asarda ta’kidlanganidek, haqiqiy xazina devor orasidan chiqqan qog‘ozlar yoki moddiy boyliklarda emas, balki odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, o‘zaro ishonch, hurmat va muhabbatdadir. Insonni baxtli qiladigan, jamiyatni mustahkamlaydigan kuch ham ana shu ezgu tuyg‘ular ekanligi sahna voqealari orqali ta’sirchan tarzda yoritiladi.

Spektakl davomida aktyorlarning mahoratli ijrosi, obrazlarning hayotiyligi va sahnaviy yechimlar tomoshabinlarni voqealar markaziga chorladi. Ayniqsa, asarning tarbiyaviy ahamiyati harbiy xizmatchilar va mahalla aholisida katta taassurot qoldirdi.
Tomosha yakunida yig‘ilganlar teatr jamoasini uzoq davom etgan olqishlar bilan qarshi olib, ijodkorlarga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Muborak tumanidagi mazkur gastrol namoyishlari teatr jamoasining tomoshabinlar bilan muloqotini yanada mustahkamlab, milliy sahna san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi. «Xazina» spektakli esa o‘zining mazmun-mohiyati va tarbiyaviy ahamiyati bilan tomoshabinlar xotirasida yorqin taassurot qoldirdi.
Mazmunan chuqur g‘oyani o‘zida mujassam etgan «Xazina» spektakli tomoshabinlarga inson qalbidagi mehr va muhabbat har qanday boylikdan ustun ekanligini yana bir bor eslatdi.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
