Sahnada mehr va mas’uliyat saboqlari

Sahnada mehr va mas’uliyat saboqlari

10–11 iyun kunlari Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida teatr ijodkorlari tomonidan R. Muhammadjonovning «Davlat bolalari» spektakli namoyish etildi. Mazkur sahna asari tuman aholisi, yoshlar va san’at ixlosmandlari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Spektakl davomida tomoshabinlar inson taqdiri, farzand tarbiyasi, mehr-oqibat va jamiyat mas’uliyati kabi muhim mavzularni chuqur his etish imkoniga ega bo‘ldilar. Asarda hayotiy voqealar orqali oila, bola taqdiri va ularning kelajagi uchun jamiyatning daxldorligi ta’sirchan sahnalar orqali yoritib berilgan.

Ijodkorlarning mahorati, obrazlarning ishonarli talqini hamda sahna yechimlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, spektakl davomida ko‘tarilgan ijtimoiy-ma’naviy masalalar zalda o‘tirgan har bir kishini o‘yga toldirdi.

Namoyish yakunida teatr jamoasi tomoshabinlarning samimiy olqishlari va minnatdorchilik so‘zlariga sazovor bo‘ldi. San’atsevarlar spektakl ijtimoiy ahamiyati, tarbiyaviy g‘oyasi va hayotiy mazmuni bilan qalblarga chuqur ta’sir qilganini ta’kidladilar.

«Davlat bolalari» spektaklining Nishon tumanidagi namoyishi teatr va tomoshabin o‘rtasidagi ma’naviy muloqotni yanada mustahkamlab, milliy teatr san’atining tarbiyaviy ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri  matbuot xizmati

Конец формы