Sahna mahorati sirlari

Sahna mahorati sirlari

22 may kuni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida ijodkorlar uchun unutilmas ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Quvonarlisi, bugun o‘zbek sahna san’atida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti laureati, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli rejissyor va mohir ustoz Olimjon Salimov teatr aktyorlari uchun mahorati darsi, ya’ni master klass tashkil etdi.

Master-klass davomida tajribali ustoz rejissyor O.Salimov  tomonidan  aktyorlik mahorati, obraz ustida ishlash, sahna madaniyati va tomoshabin bilan ichki muloqot o‘rnatish borasida o‘zining ko‘p yillik tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, sahnada tabiiylik, hissiyotni to‘g‘ri yetkazish va qahramon ruhiyatini ochib berish haqidagi fikrlar yosh ijodkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv jarayonida teatr aktyorlari turli sahnaviy mashqlarda ishtirok etib, ustozdan amaliy tavsiyalar oldilar. Samimiy va ijodiy muhitda o‘tgan master-klass qatnashchilar uchun haqiqiy tajriba maktabiga aylandi.

Teatr jamoasi uchun bunday ijodiy muloqotlar nafaqat malaka oshirish, balki milliy teatr san’atini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Ustoz va shogird an’analarini davom ettirish esa sahna san’atining bardavomligiga xizmat qiladi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati