“Fidoyi” — millat va haqiqat yo‘lidagi jasorat timsoli
“Fidoyi” — millat va haqiqat yo‘lidagi jasorat timsoli
14-15 may kunlari Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi tomonidan Shahrisabz shahrida teatr jamoasi “Do‘stlik” ordeni sohibi F.Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan F.Toshev qalamiga mansub “Fidoyi” spektaklini namoyish etdi. Mazkur sahna asari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otib, yurt tarixining og‘riqli va bir vaqtning o‘zida ibratli sahifalarini yodga soldi.
Spektakl jadidchilik harakatiga qarshi olib borilgan qirg‘inlar davrida nohaq qurbon bo‘lgan prokuratura xodimi Badriddin Sharipov hayoti va taqdiriga bag‘ishlangan. Asarda uning adolat va haqiqat yo‘lidagi kurashi, xalq va millat taqdiri uchun qayg‘urgan inson sifatidagi fidoyiligi ta’sirchan sahnalar orqali ochib berilgan.





Sahna asari orqali tomoshabinlar o‘tmishdagi murakkab davr muhiti, inson taqdiri va vijdon azoblarini chuqur his qildi. Aktyorlarning mahoratli ijrosi, obrazlarning hayotiy talqini hamda spektaklning kuchli dramatik yechimi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
“Fidoyi” nafaqat bir inson qismati, balki millat ma’rifatparvarlari va haqiqat yo‘lida jon fido qilgan insonlar xotirasiga ehtirom ramzi sifatida namoyon bo‘ldi.
Teatr jamoasi bunday tarixiy va ma’naviy ahamiyatga ega spektakllar orqali yosh avlod qalbida vatanparvarlik, tarixga hurmat va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati
