94-mavsumga tantanali qadam

94-mavsumga tantanali qadam

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida san’atsevarlar uchun yana bir unutilmas kun — teatrning 94-mavsumi tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Teatr ostonasidan kirib kelgan har bir tomoshabin milliy musiqamizning jozibali sadolari — karnay-surnay navolari bilan kutib olindi. Fayeda yangragan kuy-qo‘shiqlar, spektakllardan ijro etilgan ariya va duetlar, nafis va jozibador raqslar, ta’sirchan monologlar bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirib, teatrning yangi mavsumdagi ijodiy ruhini namoyon etdi.

Tantanali marosimda Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminova, falsafa va siyosatshunoslik fanlari doktori, professor Abduraim Erkaev, ko‘p yillar davomida viloyat madaniyat sohasiga rahbarlik qilgan, bugungi kunda faxriy ustoz sifatida e’zozlanayotgan Mamatqul Rajabov so‘zga chiqdi.

Ular teatrning bosib o‘tgan sharafli yo‘li, uning viloyat madaniy hayotidagi o‘rni, yillar davomida shakllangan ijodiy an’analari hamda bugungi kunda erishayotgan yutuqlari haqida so‘z yuritdilar. Teatr jamoasini yangi mavsum bilan samimiy muborakbod etib, ijodkorlarga yangi ijodiy parvozlar, muvaffaqiyatlar va san’at muxlislariga manzur bo‘ladigan spektakllar tiladilar.

Mavsum ochilishida tomoshabinlar uchun yana bir xushxabar va o‘ziga xos sovg‘a — “Faxriy chipta” sohiblarini aniqlash marosimi ham tashkil etildi.

Unda teatr hayoti bilan yaqindan qiziquvchi, uning ijodiy faoliyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam kuzatib boruvchi hamda teatr repertuarini yaxshi biladigan eng faol tomoshabinlar saralab olindi.

Jumladan, barcha ijtimoiy tarmoqlarda teatr sahifalariga obuna bo‘lgan tomoshabinga birinchi “Faxriy chipta”, teatr repertuaridagi eng ko‘p spektakl nomini to‘g‘ri aytgan tomoshabinga esa ikkinchi “Faxriy chipta” tantanali ravishda taqdim etildi.

Eng muhimi, ushbu faxriy chipta egalari bir yil davomida Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida namoyish etiladigan barcha spektakllarga bepul kirish huquqiga ega bo‘ldilar.

Bu tashabbus tomoshabin va teatr o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, san’at muxlislarini teatr hayotiga yaqinlashtirish yo‘lidagi ezgu qadamlardan biri bo‘ldi.

Tantanali ochilish marosimidan so‘ng tomoshabinlar e’tiboriga Habib Sultonning “Uyg‘on, bolam” spektakli havola etildi.

Spektakl inson qalbi, ma’naviy uyg‘onish, hayot haqiqatlari va bugungi kun mas’uliyati haqida mushohada yuritishga undadi. Aktyorlarning sahnadagi ijrosi, rejissyorlik yechimi, musiqa va sahna bezagining uyg‘unligi tomoshaga o‘ziga xos ta’sirchanlik bag‘ishladi.

Shu tariqa Qashqadaryo teatrining 94-mavsumi ko‘tarinki ruh, katta hayajon va ezgu niyatlar bilan o‘z faoliyatini boshladi.

Zero, teatr — sahna va tomoshabin uchrashadigan maskangina emas. U inson qalbiga yo‘l topadigan, uni o‘ylashga, his qilishga va ezgulik sari intilishga chorlaydigan ma’naviyat dargohidir.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt