«Istiqlol va yoshlik uyg‘unlashgan sahna»

«Istiqlol va yoshlik uyg‘unlashgan sahna»

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida Qarshi davlat universiteti talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda Bilimlar kuni munosabati bilan teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Bayram dasturi davomida sahnada yurtimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari va bugungi taraqqiyotini aks ettiruvchi badiiy chiqishlar namoyish etildi. Tarix zarvaraqlarida munosib iz qoldirgan buyuk ajdodlarimiz va tarixiy shaxslar obrazlari sahnaviy talqinda yoritilib, ularning hayoti va jasorati tomoshabinlarga ta’sirchan tarzda yetkazildi.

Konsert dasturidan Vatan va istiqlolni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar hamda sahnaviy kompozitsiyalar o‘rin oldi. Teatr ijodkorlarining musiqiy va badiiy chiqishlari talabalarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirning yana bir o‘ziga xos jihati — talabalarning konsert dasturiga faol qo‘shilib, jarayon davomida raqsga tushib, bayramona muhitni yanada jonlantirgani bo‘ldi. Sahnadagi jo‘shqin musiqa va raqslar zaldagi yoshlarning ko‘tarinki kayfiyati bilan uyg‘unlashib, tadbirni haqiqiy bayram shodiyonasiga aylantirdi.

Milliy ruh, tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan teatrlashtirilgan konsert dasturi talabalarga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.

Shu tariqa, Mustaqilligimizning 35 yilligi va Bilimlar kuniga bag‘ishlangan tadbir yoshlik shijoati, san’at va bayramona kayfiyat uyg‘unligida o‘tdi.

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri matbuot xizmati

Telegram  👉Facebook  👉Instagram 🌐 veb-sayt