Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri vokal artisti, “Shuxrat” medali sohibasi Babaeva Oyniso Ambiyaevna
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri vokal artisti,
“Shuxrat” medali sohibasi
Babaeva Oyniso Ambiyaevna

Umumiy mehnat staji 37 yil. Mazkur vazifada 1992 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
O.Boboeva iste’dodli aktrisa sifatida “To‘tiqul”da Sunbula, “Onaizor”da Mavluda, “Eringni berib tur”da Zaynab, “Ajabgul va Rajabgul”da Rajabgul, “Uch kunlik dunyo”da Kampir, “Qaytarmikin umr bahori”da Aziza, “Ruhlar isyoni”da Qoralovchi, “Yaralangan Oqqush”da Ona, “Nuh kemasi”da Nexatabella, “Layli va Majnun”da Majnunning onasi, “Turmush hangomalari”da Amma, “Adashganman”da Ona, “Jannatga yo‘l”da Ona, “Oq kema”da Baymoq kampir, “Changak”da Xurshida, “Nodirabegim”da Uvaysiy kabi rollarni mahorat bilan ijro etib, mutaxassislar e’tiboriga va tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.

U yoshligidanoq san’atga mehr qo‘ygan bo‘lib, milliy ruhdagi kuy-qo‘shiqlari bilan “Marhabo” ashula va raqs dastasida faoliyat olib borgan vaqtida Germaniya, Moskva, Polsha mamlakatlarida ijodiy gastrol safarlarida bo‘lgan. Uning ovozidagi o‘ziga xos shira va betakror ijro teatrda sahnalashtirilgan musiqali asarlarda ham o‘z yangroq jozibasini ko‘rsatib kelmoqda.
O.Boboeva ijro etgan kuylari va o‘ynagan rollari orqali kelajak avlod ongida Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, katta va kichiklarga hurmat-izzat kabi tarbiyaviy g‘oyalarni singdirish orqali mamlakatimiz yoshlarini ma’naviy ongini shakllantirishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda.

U viloyat miqyosida har yili o‘tkaziladigan “Mustaqillik”, “Navro‘z” umumxalq bayram tantanalarida, Qarshi shahrining 2700 yilligi va mamlakatimiz hayotiga oid boshqa bir qator muhim sanalarga bag‘ishlangan ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlarning faol ishtirokchisidir. Ushbu bayramlardagi teatrlashtirilgan konsert dasturlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
O.Boboeva teatr sahnasida bir qator obrazlarni yaratish bilan birga, chekka hududlardagi targ‘ibot guruhlarida faol ishtirok etgan holda o‘z ijrosidagi obrazlari va qo‘shiqlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Ibratli oila bekasi. O.Boboeva mehnatsevarligi, halol va samimiyligi, atrofdagilarga, ayniqsa yoshlarga mehribonligi bilan teatr jamoasi orasida hurmat-e’tibor qozongan.
