“Shuxrat”medali sohibi Xusainov G‘ayrat Tursunovich
“Shuxrat”medali sohibi
Xusainov G‘ayrat Tursunovich
Mehnat staji 27 yil. Mazkur vazifada 2005 yildan ishlamoqda.
G‘.Xusinov fidoiy va malakali aktyor sifatida ko‘p yillardan beri teatr sohasida samarali mehnat qilib kelmoqda. Madaniyatimizning muhim tarmog‘i hisoblangan o‘zbek milliy teatr san’atini rivojlanishiga o‘zining yangidan-yangi rollari va inson qadrini yuksaklarga ko‘targuvchi asarlarni bunyod bo‘lishida, mustaqil mamlakatimizning madaniy salohiyatini yuksaltirishga o‘zining munosib hissani qo‘shib kelmoqda.
G‘.Xusainov talabalik davridan institut hayotidagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etib, “Xazon bo‘lgan umr” spektaklida Sotuvchi chol obrazi bilan ustozlari e’tiborini qozondi.
U o‘z ijodiy faoliyati davomida teatr sahnasida ellikdan ortiq rang-barang, katta-kichik obrazlar yaratib, mutaxassislar e’tirofi va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, “Jo‘jaxo‘roz”da Ali va Chol,“Sohibqiron”da Amir Temur va Muhammad Qovchin, “G‘urbatda g‘arib”da Norbo‘ta va Xurram, “Nuh kemasi”da Yelpiq, “Layli va Majnun”da Majnunning otasi va Domla, “Anatema”da Anatema, “Najot darvozasi”da Sobir Shodiev, “Bobomning orzusi”da Juma bobo, “Imkon”da Rustamali, “Tanho qayiq”da Orol bobo, “Bog‘bon qiz” da Vali, “Brut yohud Sezarning o‘limi”da Sezar kabi asosiy rollarni ijro etib, mutaxassislar e’tiboriga va tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.
U aktyorlik faoliyati bilan birga “Alvongul” va “Anatema” spektakllarida yordamchi rejissyor, “Aziz” spektaklida esa sahanalashtiruvchi rejissyor sifatida serqirra iste’dod sohibi ekanligini yana bir bor isbotladi.
G‘.Xusainov “O‘zbekfilm” ijodkorlari tomonidan sur’atga olingan bir qator filmlar va seriallarda ham turli obrazlarni yaratgan. Jumladan, “Sharshara sehri” filmida Alijon, “Norizo” filmida Boy, “Qirq tillo” filmida Qaroqchi, “Avloniy” filmida Mirzaqandilxon, “Hayrat” filmida Sarkarda Xomid, “Meros” filmida Ahmad Yassaviy, “Ayol qismati” filmida Sotivoldi, “Chulpon” filmida Do‘kchi Eshon, “Qodirxon” serialida G‘ayratboy kabi obrazlari bunga yaqqol misoldir.
G‘.Xusainovning ijodiy faoliyati e’tiborga olinib, teatr ijodkorlarining “Taqdimot – 2008” taqdirlash marosimida “Yilning eng shijoatli aktyori”, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “E’tibor – 2014” taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi aktyori” nominatsiyasi sovrindori deb topildi.
Hozirgi vaqtda F.Jumaev sahnalashtirayotgan V.Shekspirning “Qirol Lir” asarida Qirol Lir, “Adashganman”da, Ixtiyor, “Jannatga yo‘l”da Do‘st, “Jamila”da Doniyor, “To‘y”da Boboxitob, “Sen Gara emassan”da Gara, “Oq saroy”da Merak, S.Abdulla “Tohir va Zuhra” asari Boxri, Jan-Batist Molerning “Hasis” komediyasi Kleant, Nafas Shodmonovning “Shiroq” dramasida Shiroq, “Abu Muin Nasafiy”da Nasafiy, A.Chexovning “Taklif & to‘y” komediyasida Chubukov spektakl obrazlarida obrazlarida ijod qilib kelmoqda.
2021 yil oktyabr oyida Turkiya davlatining Maltepa shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro teatrlar festivalida N.Gogolning “Tentakning yozmalari” spektakli bilan ishtirok etib, festivalda eng oliy o‘rin — Grand-pri bilan taqdirlandi. Unda G‘.Xusainov bosh qahramon Popriщin rolini ijro etdi.
G‘.Xusinov respublika va viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Mustaqillik”, “Navro‘z” kabi umumxalq bayramlari va boshqa ommaviy-madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib, tashkilotchilik hamda rejissyorlik faoliyati bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ibratli oila boshlig‘i, malakali va tajribali mutaxassis sifatida hamkasblari hamda mahalladoshlari o‘rtasida hurmat qozongan.