“Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi Astanova Xalavat Narzievna

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri 1-toifali drama artisti

“Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi Astanova Xalavat Narzievna

Mehnat staji 46 yil. Mazkur vazifada 2014 yildan ishlamoqda.

X.Astanova o‘z sohasining chuqur bilimdoni, tajribali aktrisa sifatida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan.

X.Astanova yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratib, ularning barkamol va o‘z sohalarining yetuk mutaxassisi sifatida shakllanishlarida tinimsiz samarali mehnat qilib kelmoqda.

X.Astanova uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida 100 ga yaqin rang-barang xarakterdagi obrazlarni mohirona yaratib, mutaxassis va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan. U yuksak badiiy mahorat bilan ijro etgan rollar o‘zining ta’sirchanligi, pafoslarga boyligi bilan har qanday tomoshabinni o‘ziga rom etadi. Chunki aktrisa yaratgan har bir obraz, avvalo tomoshabinni o‘ylashga, fikrlash va tafakkur qilishga undaydi.

X.Astanovaning “Layli va Majnun” spektaklida yaratgan Layli obrazi teatr san’ati muxlislarida ayollarga xos bo‘lgan hayo, vafo kabi ezgu insoniy fazilatlarni o‘zida tarannum etadi. Shu bilan birga, “Amir Temur” spektaklida Ona, “Sohibqiron”da Ayol, “Mulla To‘ychi”da Ohu, “Shaharlik olifta”da Salomat, “Vijdon isyoni”da Ozoda, “To‘ydan oldin tomosha”da Feruza, “G‘ariblar”da Roda, “Otilmagan o‘q”da Oftobxon, “Hiylai shar’iy”da Malak, “Uch bo‘ydoq”da Kunsuluv, “Gavhari shamchiroq”da Manzura, “Hamla”da Aniska, “Ona allasi”da Dilemma, “O‘jarlar”da Ozoda, “Sarob”da Kotiba, “Tobutdan tovush”da Hojar kabi bosh qahramon obrazlaridagi aktyorlik mahorati tomoshabin va mutaxassislar tomonidan juda yuqori baholangan.

Shuningdek, u teleseriallar va telefilmlarda ham samarali ijod qildi. Jumladan, “Oqqush” milliy teleserialida Ona, “Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvida Sovchi obrazlarini serqirra ijodkor sifatida tomoshabinlarga yanada yaqinroq tanishtirgan.

X.Astanova aktrisalik faoliyati bilan birgalikda ko‘pgina spektakllarda ijodiy maslahatchi va rejissyor yordamchisi sifatida teatr repertuarini eng sara spektakllarini sahnalashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan. Mustaqilligimizning 14 yilligiga bag‘ishlangan E.Vohidovning “Ruhlar isyoni” spektaklini sahnalashtirishda rejissyor E.Masafoevning yordamchi rejissyori sifatida faoliyat olib borgan.

X.Astanova teatrga endigina kirib kelayotgan yoshlarga aktyorlik kasbining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatib kelmoqda. Hususan, teatrda “Mahorat saboqlari” darslarini tashkil etib, ko‘plab yangi iqtidor egalarini kashf etishga katta hissa qo‘shib kelayotir. U uzoq yillar davomida yuzlab shogirdlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Uning shogirdlari orasida ko‘plab “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”lar E.Shodiev, S.Qoraboev, R.Mustafoevalar, yetakchi xonandalar P.Rustamov, I.Qurbonov, B.Boltaevlar, aktrisalardan O.Boboeva, A.Bobomurodova, M.Abdurahmonova, farzandlari Nilufar Jalilova, Nazokat Jalilova, Tolmas Jalilov, Muhammad Jalilovlar ham teatr san’ati sohasida samarali ijod qilib kelmoqda. O‘zbek teatriga ana shunday farzandlarni va shogirdlarni yetkazib berganligi bois, teatr jamoasi orasida ham yuqori hurmatga loyiq insondir.

U viloyat miqyosida har yili o‘tkaziladigan Mustaqillik, Navro‘z umumxalq bayram tantanalarida, Qarshi shahrining 2700 yilligi va mamlakatimiz hayotiga oid boshqa bir qator muhim sanalarga bag‘ishlangan ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlarning faol ishtirokchisidir. Ushbu bayramlardagi teatrlashtirilgan konsert dasturlarida Mahalla maslahatchisi, Nonvoy ona, Sportchining onasi, Hoji ona, Tadbirkor ayol kabi ko‘plab siymolarni yaratdi.

X.Astanova teatr sahnasida bir qator obrazlarni yaratish bilan birga, chekka hududlardagi targ‘ibot guruhlarida faol ishtirok etgan holda o‘z ijrosidagi obrazlari va qo‘shiqlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

Sahnalarda Tadbirkor ayol siymosini yaratish bilan birga hayotda ham tadbirkorlikni keng yo‘lga qo‘ygan mehnatkash ayol. Uning tashabbusi bilan 2004 yildan boshlab oilaviy chorvachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, yosh oilalar bilan ishlashda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etib, oilalarni mustahkamlash maqsadida “Oila-muqaddas qo‘rg‘on”, “Oila va ma’naviyat” kabi mavzularda 30 dan ortiq uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazib kelmoqda.

Ibratli oila bekasi.

X.Astanova mehnatsevarligi, halol va samimiyligi, atrofdagilarga ayniqsa, yoshlarga mehribonligi bilan teatr jamoasi orasida hurmat-e’tibor qozongan.